Joriy yilning 1-iyun kuni soat 16:00 da O‘zbekiston Milliy kino san’ati saroyida Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan yangi milliy animatsion filmlar premyerasi bo‘lib o‘tadi.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi, O‘zbekiston Animatsion studiyalar assotsiatsiyasi hamda “ASTIR” animatsion studiyasi hamkorligida tashkil etilayotgan ushbu ijodiy loyiha bolalar uchun yaratilayotgan zamonaviy milliy animatsiya namunalarini keng jamoatchilikka taqdim etishga xizmat qiladi.

Premyera doirasida “Zumrad va Qimmat”, “Saxovat” hamda “Burch izidan” animatsion filmlari namoyish etiladi.

“Zumrad va Qimmat” filmida xalqimizning sevimli ertak qahramonlari zamonaviy talqinda gavdalantirilgan bo‘lsa, “Saxovat” animatsion filmi Alisher Navoiyning “Hayrat ul-abror” asari asosida yaratilgan. “Burch izidan” kartinasi esa tabiat, mehr-muhabbat, jasorat va fidoyilik kabi ezgu qadriyatlarni tarannum etadi.

Filmlar qahramonlariga taniqli aktyorlar Barno Qodirova, Iroda Ahmedova, Asadullo Nabiyev, Navro‘z Jumayev, Ixtiyor Otajonov, Asadulla Abdullayev, Baxtiyor Yusupov hamda Erkin Bozorov ovoz bergan.

Kirish bepul

Barcha bolajonlar va ota-onalarni animatsion filmlar premyerasiga taklif etamiz.

Milliy kino san’ati saroyi Axborot xizmati

Kommentariya qoldiring

Kommentariyangizni yozing!
Ismingizni yozing!