Bugun O‘zbekiston Milliy kino san’ati saroyida “Sehrli chapaqay” badiiy filmining tantanali premyera namoyishi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur kartina sport, iroda, halollik va insoniy qadriyatlarni targ‘ib etuvchi muhim ma’naviy-ma’rifiy loyiha sifatida e’tirof etilmoqda. Filmda insonning orzu va maqsad sari qat’iyat bilan intilishi, hayot sinovlarini mardona yengib o‘tishi hamda muvaffaqiyatga halol mehnat va sabr orqali erishish g‘oyalari badiiy talqinda aks ettirilgan.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi direktori Shuhrat Rizayev, kino va san’at sohasi vakillari, ijodkorlar, ommaviy axborot vositalari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Shuningdek, tashrif buyurgan mehmonlar O‘zbekiston Kino san’ati muzeyi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Muzey ekspozitsiyalarida milliy kinematografiya tarixiga oid noyob material va eksponatlar namoyish etildi.

Film O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi, “Your Films Entertainment”, “UFA”, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda “Kontent markazi” hamkorligida ishlab chiqarilgan.

Film rejissyori va ssenariy muallifi — Habibulloh Haydar.

Milliy kino san’ati saroyi Axborot xizmati

Kommentariya qoldiring

Kommentariyangizni yozing!
Ismingizni yozing!