Bugun O‘zbekiston Milliy kino san’ati saroyida “Farz” badiiy filmining tantanali premyerasi yuqori saviyada tashkil etildi. Tadbir katta qiziqish uyg‘otib, qariyb 2000 nafarga yaqin tomoshabinni jamladi.

Premyera marosimida Kinematografiya agentligi direktori Shuhrat Rizayev, kino ixlosmandlari, taniqli ijodkorlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar. Film tomoshabinlar tomonidan iliq kutib olinib, katta olqishlarga sazovor bo‘ldi.

Shuningdek, tadbir doirasida tashrif buyurgan mehmonlar O‘zbekiston Kino san’ati muzeyi faoliyati bilan yaqindan tanishib, milliy kino tarixiga oid noyob eksponatlarni ko‘zdan kechirish imkoniga ega bo‘ldilar.

Mazkur film O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi buyurtmasiga asosan “Art Films Makers” MCHJ tomonidan suratga olingan.

Film syujeti avvalo insonlar orasidagi mehr-muhabbat, yaxshilik va og‘ir vaziyatlarda bir-birini qo‘llab-quvvatlashni targ‘ib qiladi, shuningdek, nohaq ayblangan inson qismati, adolat va haqiqat yo‘lidagi kurashni chuqur va ta’sirchan tarzda ochib beradi. E’tibor bering: “Farz” filmini 19-martdan e’tiboran Milliy kino san’ati saroyida tomosha qilishingiz mumkin.

“Farz” filmi premyera kunidayoq keng jamoatchilik e’tiborini tortib, yaqin kunlarda keng auditoriya mehrini qozonishi va milliy kinematografiyada muhim voqealardan biriga aylanishi kutilmoqda.

Milliy kino san’ati saroyi Axborot xizmati

Kommentariya qoldiring

Kommentariyangizni yozing!
Ismingizni yozing!