O‘zbekiston Milliy kino san’ati saroyida tashkil etilgan 25 kunlik bepul kino namoyishlari doirasida bugun tomoshabinlar e’tiboriga milliy va zamonaviy kino san’atining muhim asarlari havola etildi.
Xususan, “Aqlli qizaloq” animatsion filmi, “Drel” qisqa metrajli filmi, “Qardoshlik. Dunyoni birdamlikka chorlagan muloqot” hujjatli filmi hamda “Umida. Fudziyama haqida tush” badiiy filmi namoyish etildi.
Mazkur madaniy-ma’rifiy tadbirlarda O‘zbekiston San’at va madaniyat instituti hamda Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomchilik va dizayn instituti talabalari faol ishtirok etib, kino san’atining g‘oyaviy-badiiy ahamiyatini chuqur anglash, ijodiy tafakkurni rivojlantirish va milliy kino merosiga bo‘lgan e’tiborni yanada oshirishga munosib hissa qo‘shmoqdalar.
Bepul kino namoyishlari yoshlar va keng jamoatchilik orasida yuksak ma’naviyatni targ‘ib etish, san’at orqali umuminsoniy qadriyatlarni qaror toptirish, shuningdek, milliy va jahon kino san’ati durdonalarini keng ommaga yetkazishga xizmat qilmoqda.
Shu munosabat bilan tashkilotchilar barcha oliy ta’lim muassasalari talabalarini, ijodkor yoshlarni hamda kino ixlosmandlarini ushbu bepul kino namoyishlarida faol ishtirok etishga, kino san’atining boy va betakror merosidan bahramand bo‘lishga chorlaydi.
Eslatma: bepul kino namoyishlari joriy yilning 25-fevraliga qadar davom etadi.
Milliy kino san’ati saroyi Axborot xizmati












