Kecha O‘zbekiston Milliy kino san’ati saroyida 25 kunlik bepul kino namoyishlari doirasidagi navbatdagi tadbir bo‘lib o‘tdi. Ushbu madaniy loyihadan ko‘zlangan asosiy maqsad — milliy kino san’atini keng targ‘ib etish, ijodkorlar va tomoshabinlar o‘rtasidagi ijodiy muloqotni mustahkamlashdan iborat.
Mazkur namoyishda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi direktori Shuhrat Rizayev, kino ijodkorlari, soha mutasaddilari, kino ixlosmandlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.
Namoyish oldidan taniqli rejissyor, pedagog va serqirra ijodkor Hilol Nasimovning 63 yillik yubileyi munosabati bilan samimiy tabriklar yo‘llandi. Tadbir davomida Shuhrat Rizayev ijodkorning o‘zbek kino san’ati rivojiga qo‘shgan munosib hissasini alohida e’tirof etib, uning ijodiy faoliyati haqida to‘xtalib o‘tdi hamda kelgusi ishlarida ulkan muvaffaqiyatlar tiladi.
Shundan so‘ng tomoshabinlar e’tiboriga bepul kino namoyishlari havola etildi. Dastur doirasida quyidagi filmlar namoyish etildi:
• “Qo‘zichoq va Toychoq” — animatsion film
• “Intizor” — qisqa metrajli film
• “Vali G‘afurov. Igna bilan yozilgan roman” — hujjatli film
• “Bahorni quvib…” — badiiy film
Ta’kidlash joizki, ushbu bepul kino namoyishlari 25-fevralga qadar O‘zbekiston Milliy kino san’ati saroyida davom etadi. Barcha kino ixlosmandlarini mazkur bepul kino namoyishlarida kutib qolamiz.
Milliy kino san’ati saroyi Axborot xizmati













