Joriy yilning 27-dekabr kuni O‘zbekiston Milliy kino san’ati saroyida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi buyurtmasi asosida “O’zbekfilm kinokonserni” DUK tomonidan suratga olingan “Namozshomgul” nomli yangi badiiy filmning katta premyerasi bo‘lib o‘tdi.

Namoyishda O’zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi direktori Shuhrat Rizayev, kinoijodkorlar, yurtdoshlarimiz hamda OAV vakillari ishtirok etishdi. Shuhrat Rizayev ushbu filmning mazmuni va jamiyatdagi ahamiyati xususida atroflicha so‘z yuritdi.

“Namozshomgul” — oilaviy komediya janrida ishlangan bo‘lib, film voqealari Guli ismli qiz hayoti atrofida kechadi. Mahallada tasodifan aytilgan oddiy bir gap kutilmagan voqealarga sabab bo‘ladi. Asar kulgili, samimiy va hayotiy holatlar orqali tomoshabinga iliq kayfiyat ulashadi hamda oilaviy qadriyatlar, insoniy munosabatlarni o‘zida mujassam etadi.

Filmda bosh rollarni Anjelika Yesimbetova va Jamshid Asadov ijro etgan. Shuningdek, Feruza Yusupova, Abduvali Sahiyev, Farhod Abdullayev, Ra’no Yarasheva, Barno Qodirova hamda Roza Piyazova kabi mahoratli aktyor va aktrisalar rollarni yuksak saviyada, maromiga yetkazib ijro etishgan.

Milliy kino san’ati saroyi Axborot xizmati

Kommentariya qoldiring

Kommentariyangizni yozing!
Ismingizni yozing!