Kecha Oʻzbekiston Milliy kino sanʼati saroyida “Belarus kino kunlari” doirasida “Классная” filmining namoyishi bo‘lib o‘tdi. Namoyishda Belarus Respublikasi Madaniyat vaziri Ruslan Losifovich Chernetskiy, Kinematografiya agentligi direktori Shuhrat Rizayev, Belarus Respublikasi delegatsiyasi vakillari, Oʻzbekistonda istiqomat qiluvchi belarusiyaliklar, kino ixlosmandlari hamda OAV vakillari ishtirok etishdi.
Ushbu filmda bosh qahramon Tatyana Vasilevskaya (aktrisa Irina Moroz) Belarus oliygohini bitirgan, kichkina agrar shaharcha Mejreche maktabiga yo‘llanma oladi. Tajribasiz yosh o‘qituvchini 11-sinfga sinf rahbari qilib tayinlashadi. Chunki oldingi sinf rahbari nafaqaga chiqib ketadi. Endi Tatyana o‘spirin o‘quvchilar bilan qanday qilib munosabatlar o‘rnatishini va tajribali hamkasblar o‘rtasida hurmat qozonishi kerak edi. Filmda dramatik voqealar tasvirlanadi.
Shuningdek, Kino saroyga tashrif buyurgan tomoshabinlar yangi ekspozitsiyalar bilan boyitilgan O‘zbekiston Kino sanʼati muzeyi faoliyati bilan yaqindan tanishib, milliy kino merosimizning boy va rang-barang tarixidan bahramand bo‘ldilar.
Ma’lumot uchun bugun O‘zbekiston Milliy kino san’ati saroyida “Belarus kino kunlari” doirasida soat 15:00da “Киношники», soat 16:40da “Чёрный замок” filmlari namoyish etiladi.















