Bugun O‘zbekiston Milliy kino sanʼati saroyida Kinematografiya agentligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamkorligida yaratilgan “Mahbora. Ona simfoniyasi” va “Toyloq tajribasi” hujjatli hamda “Shamsiqamar” badiiy filmining premyerasi bo‘lib o‘tdi.



Namoyishda Kinematografiya agentligi direktori Shuhrat Rizayev, Agentlik direktori maslahatchisi Sayfullo Rajabov, kinoijodkorlar, yurtdoshlarimiz hamda OAV vakillari ishtirok etishdi. Shuhrat Rizayev ushbu filmlarning mazmuni va jamiyatdagi ahamiyati xususida atroflicha so‘z yuritdi.



“Toyloq tajribasi” hujjatli filmi Samarqand viloyatining Toyloq tumanida faoliyat yuritayotgan, turli hayotiy qiyinchiliklarga duch kelgan bolalar va oilalar uchun mo‘ljallangan “Ilk rivojlanish markazi”ning ish faoliyatini aks ettiradi.
“Mahbora. Ona simfoniyasi” filmida ona timsolida yurtimiz ayollarining fidokorligi, cheksiz sabri va hayotga muhabbatini tarannum etuvchi chinakam hayotiy simfoniyadir.
“Shamsiqamar” filmda daun sindromi bilan tug‘ilgan bolalar va bu holatning oilalarga ta’siri haqida hikoya qilinadi. Asarda oilaviy kechinmalar, jamiyatdagi munosabatlar va insoniylik qadriyatlari yoritiladi.
Ushbu filmlar orqali jamiyatimizda mehr-oqibat, insonparvarlik va ijtimoiy mas’uliyat tuyg‘ularini keng targ‘ib etish, keng jamoatchilikni dolzarb hayotiy masalalar haqida o‘ylashga undash maqsad qilingan.








