Film tomoshabinlar, san’at ixlosmandlari hamda kino sohasi vakillari tomonidan iliq kutib olindi. Premyera davomida film ijodkorlari, aktyorlar va mehmonlar ishtirok etib, ushbu tarixiy asarning mazmun-mohiyati haqida fikr almashildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Xayriddin Sultonov hamda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi direktori Shuhrat Rizayev ishtirok etib, filmning tarixiy va ma’naviy ahamiyati haqida alohida to‘xtalib o‘tishdi.
Premyera mehmonlari O‘zbekiston Kino san’ati muzeyi ekspozitsiyalari bilan ham yaqindan tanishib, milliy kinematografiya tarixini aks ettiruvchi noyob eksponatlarga katta qiziqish bildirdilar. Tomoshabinlar tashrifining nihoyatda yuqori bo‘lgani bois qo‘shimcha namoyish zallari va yozgi kinomaydon ham tomoshabinlar uchun faoliyat olib bordi.
Mazkur kartina Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan, O‘ZBEKFILM hamda CINEMA OF CENTRAL ASIA hamkorligida suratga olingan.
Film Ikkinchi jahon urushi davrida jasorati, matonati va fidoyiligi bilan tarixda o‘chmas iz qoldirgan Mamadali Topvoldiyev hayotiga bag‘ishlangan bo‘lib, unda insoniylik, do‘stlik va vatanparvarlik g‘oyalari chuqur yoritilgan.
“O‘ZBEK ARSLONI” tomoshabinlarda katta taassurot qoldirib, jasorat, fidoyilik va Vatanga muhabbat tuyg‘ularini yana bir bor yodga soldi. Bu film — tarixga ehtirom va qahramonlar xotirasiga bag‘ishlangan yuksak san’at asaridir.
Milliy kino san’ati saroyi Axborot xizmati














