Kecha O‘zbekiston Milliy kino san’ati saroyida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi buyurtmasi asosida yaratilgan “Paxta” badiiy filmi keng jamoatchilik e’tiboriga havola etildi.

Tantanali marosimda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi direktori Shuhrat Rizayev, kino ijodkorlari, soha mutaxassislari, kino ixlosmandlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Premyera dasturi mazmunan boy tarzda tashkil etilib, mehmonlarga nafaqat film namoyishi, balki O‘zbekiston Kino san’ati muzeyi faoliyati bilan yaqindan tanishish imkoniyati ham yaratildi. Muzey ekspozitsiyalarida milliy kino san’ati tarixini aks ettiruvchi noyob eksponatlar, arxiv materiallari va ijodiy meros namunalarining taqdim etilishi tadbir mazmunini yanada boyitdi.

Film Rashid Malikov rejissyorligida suratga olingan bo‘lib, bosh rolni Xurshida Arabshoyeva mahorat bilan ijro etgan.

Drama janriga mansub mazkur kartina hayot sinovlari, murakkab taqdir va insoniy iroda haqida chuqur va ta’sirchan hikoyani yoritadi.

“Paxta” — mazmun va badiiy ifoda uyg‘unligi bilan ajralib turadigan, tomoshabin qalbida uzoq vaqt aks sado berishi kutilayotgan muhim kino loyihalardan biridir.

Milliy kino san’ati saroyi Axborot xizmati

Kommentariya qoldiring

Kommentariyangizni yozing!
Ismingizni yozing!