O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi tomonidan, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri rahbarligida 2026-yil 18-fevral kuni o‘tkazilgan 21-son yig‘ilish bayoni hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-fevraldagi PQ-46-son qarori ijrosini ta’minlash yuzasidan joriy yilning 9-aprel kuni soat 18:00da O‘zbekiston Milliy kino san’ati saroyida “Ulug‘ Amir va donna Mariya” tarixiy-badiiy filmining tantanali ommaviy namoyishi bo‘lib o‘tadi.
Mazkur film buyuk sarkarda Amir Temurning Anqara jangidagi ulkan g‘alabasi, Boyazid ustidan qozonilgan tarixiy zafar hamda Yevropa ozodligiga yo‘l ochgan voqealarni yuksak badiiy talqinda aks ettiradi.
Asarda donna Mariya timsoli orqali ozodlik g‘oyasi, insoniy iroda va taqdirlar uyg‘unligi chuqur ochib berilib, ikki davrni bog‘lovchi syujet orqali tarixiy xotira va avlodlar davomiyligi yuksak mahorat bilan ifoda etilgan.
Ushbu kartina milliy tariximizning shonli sahifalarini keng jamoatchilikka yetkazishga xizmat qiladi.
Barcha yurtdoshlarimizni ushbu nufuzli madaniy tadbirga taklif etamiz.
Milliy kino san’ati saroyi Axborot xizmati











