Joriy yilning 15-fevralidan 15-martiga qadar mamlakatimiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan “Ayollarni e’zozlash” oyligi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi tomonidan “Matonat timsollari” mavzusida ijodiy muloqot uchrashuvi tashkil etildi.

Mazkur tadbir xotin-qizlarning jamiyat hayotidagi o‘rni va nufuzini yanada yuksaltirish, ularning ko‘p yillik samarali mehnatini e’tirof etish hamda yosh avlodni fidoyilik va matonat ruhida tarbiyalash maqsadida o‘tkazildi.

Uchrashuvda kino sohasining atoqli vakili, o‘zbek dublyaj san’atining yetuk namoyondasi — O‘zbekiston xalq artisti, mohir aktrisa Mukambar Rahimova ishtirok etdi.

Tadbir davomida san’atkor o‘zining ijodiy faoliyati, kino va dublyaj san’atidagi tajribasi, sahna ortidagi mashaqqatli, ammo sharafli mehnat yo‘li haqida samimiy fikr-mulohazalarini bildirdi. Shuningdek, ayol ijodkor sifatida kasbga sadoqat, matonat va mas’uliyatning ahamiyati xususida so‘z yuritib, yoshlar bilan ochiq muloqot qildi.

Savol-javoblarga boy tarzda o‘tgan uchrashuv ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Ayniqsa, ustoz san’atkorning hayotiy tajribasi, sabr-toqat va fidoyilik haqidagi fikrlari barchaga ilhom bag‘ishladi.

“Matonat timsollari” uchrashuvi “Ayollarni e’zozlash” oyligi doirasidagi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarning uzviy davomi sifatida xotin-qizlarni ulug‘lash, ularning jamiyat taraqqiyotidagi beqiyos o‘rnini e’tirof etish yo‘lida muhim ahamiyat kasb etdi.

Milliy kino san’ati saroyi Axborot xizmati

Kommentariya qoldiring

Kommentariyangizni yozing!
Ismingizni yozing!