Kecha Oʻzbekiston Milliy kino sanʼati saroyida Kinematografiya agentligi buyurtmasi asosida “Oʻzbekfilm” kinokonserni DUK tomonidan suratga olingan “O‘g‘il” badiiy filmining maxsus premyerasi bo‘lib o‘tdi. Kartinaga iste’dodli rejissyor Abu Tolib Adamkulov rejissyorlik qilgan.

“O‘g‘il” – inson qalbining eng nozik kechinmalari, muhabbat, burch va adolat o‘rtasidagi murakkab tanlovlar haqida hikoya qiluvchi chuqur mazmunli asardir. Film tomoshabinni hayotning sinovli yo‘llarida to‘g‘ri qaror qabul qilish, insoniylik va vijdon oldidagi mas’uliyat haqida mushohada yuritishga undaydi. Kartina nafaqat kuchli dramatik yechimlari, balki ta’sirchan sahnalari orqali har bir tomoshabinning qalbiga yo‘l topa oldi.

Tantanali namoyishda kino ijodkorlari, soha mutasaddilari, san’at ahli hamda OAV vakillari ishtirok etdi. Tomoshabinlar sonining yuqoriligi bois premyera bir vaqtning o‘zida qo‘shimcha zallarda ham namoyish etildi. Bu esa yurtimizda milliy kinoga bo‘lgan qiziqish va e’tibor tobora ortib borayotganining yana bir yorqin ifodasi bo‘ldi.

✔️ 25 kun davom etgan bepul kino namoyishlari loyihasi aynan eng yangi film premyerasi bilan, ko‘tarinki ruh va unutilmas taassurotlar og‘ushida yakunlandi.

✔️ Mazkur loyiha milliy kino san’atini keng targ‘ib etish, tomoshabinlar bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish va madaniy hordiq imkoniyatlarini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etdi.

✔️ Shuningdek, kino saroyiga tashrif buyurgan mehmonlar Oʻzbekiston kino sanʼati muzeyi faoliyati bilan ham yaqindan tanishib, milliy kinematografiyamiz tarixi va boy merosi haqida batafsil ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.

Mazkur premyera nafaqat yangi film taqdimoti, balki milliy kino san’atimizning navbatdagi yutug‘i, ijodiy izlanishlar va yuksak maqsadlar sari dadil qadam bo‘ldi.

Milliy kino san’ati saroyi Axborot xizmati

Kommentariya qoldiring

Kommentariyangizni yozing!
Ismingizni yozing!