Kecha O‘zbekiston Milliy kino san’ati saroyida “JASORAT” nomli badiiy filmning tantanali premyerasi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi direktori Shuhrat Rizayev, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondonining tarbiyaviy ishlar, kadrlar va yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Sarvar Mamayusupov, kino ijodkorlari, soha mutasaddilari, kino ixlosmandlari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Premyera davomida Shuhrat Rizayev so‘zga chiqib, filmning mazmun-mohiyati, unda aks etgan jasorat, mas’uliyat va fidoyilik g‘oyalari haqida fikr bildirdi. Shuningdek, Milliy gvardiya bilan hamkorlikda amalga oshirilgan ushbu loyiha bilan faxrlanishini bildirib, kelgusida ham Milliy gvardiya bilan birgalikda mazmunli va ta’sirchan badiiy filmlar yaratish istagi borligini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Ma’lumot o‘rnida: “JASORAT” filmi “Har bir serial — bir missiya” tanlovi g‘olibi bo‘lgan loyiha asosida suratga olingan.
“JASORAT” — ruhiy kuch, yuksak mas’uliyat va fidoyilikni tarannum etuvchi, tomoshabinni befarq qoldirmaydigan badiiy asar.
Milliy kino san’ati saroyi Axborot xizmati
















