Kecha O‘zbekiston Milliy kino san’ati saroyida Ruminiya — O‘zbekiston o‘rtasidagi diplomatik munosabatlarning 30 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan Ruminiya kino kunlari doirasidagi tadbirlarning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi direktori Shuhrat Rizayev, Ruminiyadan tashrif buyurgan mehmonlar hamda kino ixlosmandlari ishtirok etdilar.
Tadbir davomida ruminiyalik rejissyor Marian Crișanning “Warboy” badiiy filmi namoyish etildi.
“Warboy” — oilasining ikki otini saqlab qolish umidida yo‘lga chiqqan o‘smir yigitning chuqur hissiyotlarga boy hikoyasini aks ettiradi. Film Apuseni tog‘larining yovvoyi va qo‘rqmas manzaralari fonida kechib, qahramonning hayotiy sinovlar orqali kamolot sari bosib o‘tgan yo‘lini tasvirlaydi. Asar sarguzasht, urush, bolalar kinosi va vestern janrlarini o‘zida mujassam etgan bo‘lib, butun oila tomosha qilishi uchun mo‘ljallangan.
Ruminiya kino kunlari doirasidagi namoyishlar davom etadi.
Barcha yurtdoshlarimizni O’zbekiston Milliy kino san’ati saroyida kutib qolamiz!
Milliy kino san’ati saroyi Axborot xizmati













