Kecha O’zbekiston Milliy kino san’ati saroyida “OLTIN HUMO” 2025 milliy kino taqdimot marosimi tantanali ruhda o’tkazildi.
Mazkur nufuzli tadbir o‘zbek kinematografiyasining bugungi yutuqlari va ijodiy salohiyatini namoyon etib, kino sohasi vakillari, taniqli rejissyorlar, aktyor va aktrisalar, kino mutaxassislari hamda san’at ixlosmandlarini bir maydonga jamladi.
Marosim davomida milliy kino rivojiga munosib hissa qo‘shgan ijodkorlar 18 ta nominatsiya bo‘yicha taqdirlanib, yil davomida yaratilgan eng yaxshi filmlar va ijodiy ishlarga yuksak e’tirof bildirildi.
“OLTIN HUMO” taqdimot marosimi milliy kinematografiyamizning yangi bosqichga ko‘tarilayotganini namoyon etib, kelajakdagi ijodiy yutuqlarga mustahkam zamin yaratadi.
Shuningdek, tadbirga kelgan mehmonlar O’zbekiston kino san’ati muzeyi faoliyati bilan ham yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldi. Muzeyda namoyish etilgan yangi eksponatlar va milliy kino tarixiga oid noyob materiallar ular tomonidan katta qiziqish bilan qabul qilindi. Bu esa milliy kinoga bo‘lgan muhabbat va hurmatni yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Ma’lumot uchun: Muzeyda “Mustaqillik davri kino sanʼati”, “Yangi kino sanʼatida jonlangan tarix”, “Toshkent xalqaro kinofestivali”, “Oʻzbek milliy kino sanʼatining olamshumul yutuqlari”, “Oʻzbek kino sanʼatining unutilmas siymolari”, “Yangi Oʻzbekistonning kino ijodkorlari” kabi burchaklar tashkil etilib, har bir qismi tegishli koʻrgazma, ekspozitsiya va galereyalar o‘rin olgan.
Milliy kino san’ati saroyi Axborot xizmati















