Kecha O’zbekiston Milliy kino san’ati saroyida 10-Yubiley Yevropa kinofestivali matbuot anjumani bo’lib o’tdi. Tadbirda Yevropa Ittifoqining O’zbekistondagi Elchisi janob Toivo Klar, Kinematografiya agentligi direktori Shuhrat Rizayev, Yevropa Ittifoqining O’zbekistondagi delegatsiyasi vakillari va OAV vakillari ishtirok etishdi.
Yevropa kinofestivali O’zbekistondagi eng kutilgan madaniy voqealardan biriga aylandi- u 30 mingdan ortiq tomoshabinni birlashtirdi. 2013-yilda tashkil etilganidan beri festival Yevropa va O’zbekiston o’rtasidagi madaniy almashinuv, ijodiy hamkorlik va umumiy qadriyatlar ruhini o’zida mujassam etib kelmoqda. Bu yilgi namoyishlar joriy yilning 7-9-noyabr kunlari O’zbekiston Milliy kino san’ati saroyida va 12-noyabr kuni Termiz shahrida o’tkaziladi.
Tadbir latviyalik rejissyor Gints Zilbalodis tomonidan yaratilgan, bir qator xalqaro mukofotlarga sazovor bo’lgan “Flow” nomli animatsion film namoyishi bilan davom etdi.
Ushbu film 2025-yilda “Oskar” dagi “Eng yaxshi animatsion badiiy film” hamda “Oltin Globus” dagi “Eng yaxshi animatsion film” mukofotlarini qo’lga kiritdi. Shuningdek, 2024-yildagi Annecy festivalida hakamlar hay’ati mukofoti, tomoshabinlar mukofoti, Gan jamg’armasining tarqatish bo’yicha mukofoti va “Eng yaxshi original musiqa” kabi bir qator sovrinlarga sazovor bo’ldi. Film to’liq ochiq dasturiy ta’minot- Blenderda yaratilgan va dialogsiz bo’lib, toshqin ortidan qolgan dunyoda yolg’iz mushukning boshqalar bilan ishonch va hamkorlikni o’rganishi haqidagi ramziy-poetik qissani hikoya qiladi.
10-Yubiley Yevropa kinovestivali madaniy aloqalarni mustahkamlash, san’at orqali xalqlarni yaqinlashtirish va o‘zaro tajriba almashish uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qilmoqda.
Bizni kuzatishda davom eting!
Milliy kino san’ati saroyi Axborot xizmati
















