O‘zbekistonda kinoijodkorlar uchun yangi xalqaro ta’lim imkoniyatlari yaratish masalalari muhokama qilindi

0
186

Kinematografiya agentligi direktori o‘rinbosari Alisher Xodjayev Qozog‘istonning Olma-ota viloyatida tashkil etilgan New York Film Academy (NYFA) Qozog‘iston kampusi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuv davomida akademiya rektori Gani Nigmetov tomonidan Gumarbek Daukeyev nomidagi Olma-ota energetika va aloqa universiteti negizida ochilgan mamlakatdagi birinchi Kreativ industriyalar parki va unda faoliyat boshlayotgan NYFA kampusi haqida batafsil ma’lumot berildi.

NYFA Qozog‘iston kampusi — AQShdan tashqaridagi uchinchi, shuningdek, Qozog‘istonda kreativ industriyalar sohasida dunyo darajasidagi birinchi oliy ta’lim muassasidir. Akademiyada kinoproduksiya, aktyorlik mahorati, ssenariy yozish san’ati, animatsiya va vizual effektlar hamda o‘yin dizayni yo‘nalishlari bo‘yicha AQShdan taklif etilgan mutaxassislar dars olib boradi.

Suhbat davomida O‘zbekiston kinoijodkorlari va talabalari uchun NYFA Qozog‘iston kampusida ta’lim olish, talabalar almashinuvi, madaniy loyihalar hamda qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Akademiyaning birinchi qabulida Markaziy Osiyo mamlakatlari, jumladan O‘zbekistondan ham talabalar o‘qishga qabul qilinishi rejalashtirilmoqda.

Kommentariya qoldiring

Kommentariyangizni yozing!
Ismingizni yozing!