Navbatdagi namoyishda soha vakillari va kino ixlosmandlari faol ishtirok etdi. Tadbir davomida O’zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi direktori maslahatchisi, Axborot xizmati rahbari Sayfullo Rajabov so‘zga chiqib, mazkur bepul namoyishlarning ahamiyati, ularning yosh avlod tarbiyasidagi o‘rni hamda milliy kinematografiya rivojidagi roli haqida alohida to‘xtalib o‘tdi. U o‘z nutqida bunday loyihalar kino va tomoshabin o‘rtasidagi uzviy aloqani mustahkamlashini, sifatli milliy mahsulotlarga bo‘lgan qiziqishni oshirishini ta’kidladi.
Shuningdek, tadbirda Murod Xazratqulov — O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, madaniyat va san’at fidokori, taniqli kinoshunos ham ishtirok etib, namoyish etilgan filmning badiiy va g‘oyaviy jihatlari yuzasidan atroflicha fikr bildirdi. U milliy kino maktabining o‘ziga xos an’analari, obrazlar talqini, dramaturgiya va rejissura yondashuvlari haqida so‘z yuritib, tomoshabinlar bilan ochiq muloqot qildi.
Ta’kidlash joizki, bepul kino namoyishlari doirasida har kuni turli janrdagi filmlar taqdim etilib, tomoshabinlarga boy va mazmunli dastur taklif etilmoqda. Loyihaning har bir kuni kino san’atining yangi qirralarini ochib berayotgani bilan ahamiyatlidir.
Bepul kino namoyishlari davom etadi. Barcha kino ixlosmandlarini navbatdagi seanslarga taklif etamiz.
Milliy kino san’ati saroyi Axborot xizmati














