Ayni kunlarda o‘tkazilayotgan 25 kunlik bepul kino namoyishlarining 12-kuni yuqori saviyada tashkil etildi. Mazkur tadbirda kino ixlosmandlari, oliy ta’lim muassasalarining faol va tashabbuskor talabalari, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlariga qarashli Toshkent shahrida joylashgan harbiy qism harbiy xizmatchilari ishtirok etdilar.
Harbiy xizmatchilarning mazmunli madaniy hordiq chiqarishlarini ta’minlash maqsadida ular O‘zbekiston Milliy kino san’ati saroyiga tashrif buyurib, namoyish etilgan filmni katta qiziqish bilan tomosha qildilar.
Tadbir davomida muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan askarlar film mazmuni ularda katta taassurot qoldirganini alohida ta’kidladilar. Jumladan, oddiy askar A. Davudxonovning so‘zlariga ko‘ra, film xizmatni munosib yakunlab, kelajakda aniq bir kasb tanlash va hayotiy maqsadlarni belgilashda kuchli motivatsiya manbai bo‘ldi.
Namoyish yakunida tomoshabinlarga maxsus so‘rovnomalar tarqatildi. Ishtirokchilar film haqidagi fikr-mulohazalarini bildirib, o‘z taklif va tavsiyalarini yozma ravishda qoldirdilar. Tadbir qatnashchilarining faol ishtiroki va iliq fikrlari bunday madaniy-ma’rifiy loyihalarning ahamiyati yuksak ekanini yana bir bor tasdiqladi.
Milliy kino san’ati saroyi Axborot xizmati












