Bugun O‘zbekiston Milliy kino san’ati saroyida 1-oktyabr — “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan bepul kinonamoyishlar boshlandi. Mazkur tashabbus O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi tomonidan amalga oshirilmoqda.



Dastlabki namoyishlarga Toshkent shahridagi bir guruh maktab o‘qituvchilari tashrif buyurishdi. Ular o‘zbek kino san’atining sara asarlarini tomosha qilish barobarida, O‘zbekiston Kino san’ati muzeyi faoliyati bilan ham yaqindan tanishib, milliy kinematografiya tarixi haqida qimmatli ma’lumotlarga ega bo‘lishdi.
O‘qituvchilar bunday tadbir ularning kasb bayrami arafasida ko‘rsatilayotgan ehtirom va qadriyatlarni yanada chuqur his qilishlariga xizmat qilayotganini ta’kidlab o‘tdilar.
Aksiya doirasidagi bepul namoyishlar 4-oktyabrga qadar davom etadi. Namoyishlar jadvali bilan quyidagi havola orqali tanishishingiz mumkin.








